esse
Ishxona jimjit. Kecha gazeta chiqqani uchun hamma hiyla hotirjam. Ish stolimga qarayman – kitob, yondaftar, noutbuk, qalamdon. Aytgancha, kitob! Abdulla Qodiriy, “Kichik asarlar”, 1969 yil. Qayerdan kelib qolganini bilmayman, ammo kecha shu kitobning ichidagi “Kalvak mahzumning xotira daftari” hikoyasini qayta o‘qiganim yodimda.
Keling, shu mulla Kalvak mahzum haqida biroz fikr yuritaylik.
Kalvak mahzum – eski odam. U o‘zi yashab turgan o‘lkasiga kirib kelayotgan taraqqiyot, tamaddun izlarini eski qarashlari bilan inkor qilaveradi va bu inkor ostida o‘ta mayda, o‘ta chirkin va o‘ta kulgili darajada arzimas, ammo dahshatli jaholat asosiga qurilgan manfaat yotadi.
Kalvak mahzum bilan shahar aylanaman. Yonimdan o‘tgan mirshabning kiyimiga norozi qarayman, paranjisiz o‘quvchi qizga beparda savollar berib gap eshitaman, mahzum tog‘amning malla to‘niga ilashib chit bozoriga boraman, bug‘oltir, injener, xalqparvar savdogarlarni alqayman, o‘zimga o‘xshamaganlarning go‘riga g‘isht qalayman. To‘xta, men o‘zimni ziyoli deb bilmasmidim? Ziyoli bo‘lsam, nega bu ishlarni qilyapman?
Tasavvur qiling, jaholatga ma’rifat deb nom berilsa. Chinakam ma’rifat esa yot unsur o‘laroq chetga itqitilsa. Chetga chiqib ketayotgan yoshlar, ishlagani ketayotgan gastrabayterlar, chetlashtirilgan madaniy sohalar kabi. Va jaholat millatning ko‘zgusiga aylansa… Nima bo‘ladi?
Kalvak mahzumdek fikrlagichlar hozir yo‘q, deb o‘ylaysizmi, qadrdon? Bor, ammo ular navnihol qizlardan paranji talab qilishmaydi. Mirshablarga ta’na qilishga o‘zlarida jur’at topolishmaydi, ammo yoshlarni tanqid qilishni qoyillatishadi. Ularning bugun nomlari ko‘p. Poraxo‘r, bilimsiz, talabalarning bilimini emas, galstuk taqgan-taqmaganinigina muhokama qilishga aqli yetadigan, tepadan belgilab berilgan programma asosidagina dars o‘tadigan, o‘z fikriga ega bo‘lmagan o‘qituvchi va yana allambalolar. Lekin eng alamlisi nima, bilasizmi? Eng alamlisi… Maqola o‘qituvchilar haqida emas!
Zamon o‘zgaradi. Zamonga qo‘shilib odamlar ham. Xo‘sh, xalq o‘zgaradimi? Menimcha, yo‘q. Millat ruhiyati o‘zgarmaydi. Uning ruhiyati, ichki holati o‘z ildizlaridan uzilib ketmaydi. Buni biz ko‘p kuzatdik. Bozorlarda, jamoat transportlarida, navbat kutishlarda, darslarda, sudlarda, saylovlarda… Hamma joyda Kalvak mahzumlar bor edi. Ular o‘zlarining johilona manfaatlarini har erga tiqishtirishar va eng achinarlisi, hech kimsa ularning bu ishiga hayrat bilan boqmasdi. Biz Kalvak mahzumlarga ko‘nikkan edik.
Qodiriy bobo bashoratchimidi? Yo‘q, u o‘z hikoyasi bilan Kalvak mahzumlarni tanqid qilgan va bunday eskilik sarqitlarini shu hikoya birla yo‘q qilodurman deya o‘ylagan bo‘lsalar kerak. Afsus, oramizda kimlarningdir tomir-tomirigacha, suyak-suyagigacha eskilik sog‘inchi, pichog‘i yog‘ ustida bo‘lgan davrlarga qaytish istagi kuchli ekan. Uyg‘oq va bardavom ekan. Bu bardavomlik, befarqlik, tavqi la’nat muhri qachon parchalanishini Xudoning o‘zi bildirmasa, biz osiylar bexabar o‘tib ketadirganga o‘xshaymiz.
Kalvak mahzum va jaholat. Bugun ziyoli qatlam o‘z kun tartibiga qo‘ygan masalalarni huddi Kalvak tog‘amning uslubida hal qilinayotganga o‘xshaydi. Kino san’atini tahlil va tanqid qilishni olaylik. Kinoga Aristotel nazariyasi va Kant estetikasi prizmasidan qaragan holda milliy koloritning qanchalar quyuq berilganini hisoblash, did va qarashlarni tahlil qilish, janr kesimlarida montaj, syujet, liboslar, dekoratsiya tadqiotlarini o‘tkazish, adabiyotdan manba izlash, xalq fikrini, xalq ehtiyojalarini o‘rgangan holda film ruhiyati ustida izlanishlar olib borish? Yo‘q, biz buni bilmaymiz. Axir bizning butun boshli ma’naviyatchilar armiyamiz bor-ku! Ularning o‘zi xohlagan filmingizni loyga qorib berishadi. Qo‘llarida esa eng dahshatli “Bu film o‘zbek mentalitetiga zid” degan qurol bor. Ularga farqi yo‘q, bu daho Tarkovskiyning filmimi, Ayub Shahobiddinovning navbatdagi san’at asarimi yo Spilberg shedevrimi… Qo‘llariga gulqaychi emas, oybolta olib san’at bog‘iga madaniyatsiz vikinglar tamaddun vatani bo‘lmish Muqaddas Rim imperiyasiga qanday bostirib kelgan bo‘lsa, shunday shaxdam odimlar ila kirib boraverishadi. Boshqa sohalarda ham shundaylar bor. Ular ham Kalvak mahzumning davomchilari bo‘lsa, ne dard? Axir, biz Ibn Sino, Navoiy, Bobur, Amir Temur, al-Xorazmiy kabi buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz-ku? Nega endi Kalvak mahzumdek johil bobolarimizni tan olmasligimiz kerak? Yaproq o‘zi turgan daraxtning ildizi qurigani uchungina daraxtni tark etmaydi. U tan oladi va o‘zining ushoqdek jonini chirigan ildiz sog‘aymog‘i uchun sarflaydi. Bu – tabiat qonuni. Nima, siz tabiat qonuniga qarshimisiz? Uzr, bu gapim ma’naviyat o‘qituvchimga qitmir savol berganimda ma’naviyat o‘qituvchimning men – odam bo‘lmaydigan o‘quvchisiga bergan javob ohangiga o‘xshab ketdi. Ming bor uzr… Netamiz endi, mening ham qonimda eskicha ma’naviyatchilik, sarqit g‘oyalarga aldanish atalmish yaramas odatlar bor.
Biz ko‘p noliymiz, qadrdon. Nolishlarimiz faryodga aylanadi. Faryodlar esa aks-sadolarga. Borib-borib aks-sadolar ham tinadi va biz oh chekishdan charchaymiz. Bizni nolishga majbur qilayotganlarga taslim bo‘lib, bariga ko‘nikamiz. Jaholatning ma’rifat shakliga kirmog‘i shunday kechadi.
Bu yurtning egasi bor, deymiz. Xo‘sh, bu egalar kim o‘zi? Ularning yurtini himoya qilishdan boshqa yana qanday tashvishlari bor? Yurtini rivojlantirishmi, yurtida tirik yurishmi, bir burda nonini issiq va yorug‘ uyda yeya olishmi, oyligidan ortagn puliga hech yo‘q vatanining qay bir burchagidagi sihatgohda dam olib kelishmi yo bolasini oliygohlarda arzonroq o‘qitishmi? Men hali bu savollarga javob berish uchun juda yoshman. Yonimda biron kishi milliy muammolar haqida og‘iz ochsa, qishloqlarda yashash uchun kurashayotganlar, bitta tumanda bittagina bo‘lgan kutubxonada qo‘llarini kuh-kuhlab kitob izlayotgan bolalar, uyi “snos” ga tushib, borarga joy topolmayotgan oilalar, xotinini chetga jo‘natib, bola boqib o‘tirgan erkaklar, dod deyishga ovozi yo‘q, ovozi bo‘lsa eshitar bir kishisi yo‘q, suv-hashagi yolchitib berlimaydigan, ammo nihoyatda sog‘in sigir bo‘lib qolgan talabalar, o‘zi jon saqlab turgan binoni sotib yuborgan …lar dastidan ko‘chada qolgan, o‘qimaydigan va qorindan boshqa g‘ami yo‘q kimsalar sabab kuni “obuna” otlig‘ gadoychilikka qolgan jurnalistlar, bilyardxonaga boru kutubxonaga yo‘q shahar markazlari, sinf xonasida paltosini echmay, dars tugagach hokim buvaning selektoriga shoshiladigan faol o‘quvchilar, uyqusiz tunlarini ilmga sarflab, oxirida ishonganlari, e’timod qo‘yganlaridan bir parcha faxriy yorliq olgan kichik daholar, mikrofon oldida jannatning me’moridek ko‘rinadigan, ammo oddiy xalq qarshisida do‘zax ramziga aylanadigan kishilar haqida kuyunib gapirsa, qo‘ysangizchi bu gaplarni, men bir o‘qiydigan, o‘qib-o‘qib chetga “suradigan”, til biladigan odamman, deb iljayib qo‘yaman. Tushuning, bu iljayish tomoshasi tugaganidan so‘ng shu qadar, shu qadar xo‘rligim keladiki, asti qo‘yaverasiz. Xo‘rlik asnosida ayo Kalvak mahzum, avlodlaringni bu yoqlardan olib ket, biz yasholmayapmi axir, deb o‘kirib yuborgim keladi. O‘kirolmayman. O‘kirsam, narigi xonadagi muharrir yordamchisi Kumush opa qo‘rqib ketishi, meni ahloqsiz deb o‘ylashi mumkin. Zotan… o‘zingiz tushunasiz, men ziyoli odamman-ku. Darvoqe, Kalvak mahzum ham inqilobdan avval shu jaholatu sarqitxo‘rligi ila mahallasida imom erdi. Hurmatli kishilardan sanalardi.
Stolim hamon betartib. Asablarimdek. Ammo, qo‘limda hazrat Qodiriy. Viqor, iztirob, alam va umid to‘la ko‘zlarini men g‘aribga tikib turibdi.
– Hazratim, bu jaholat olovini kim o‘chirgay, – so‘rayman Qodiriydan.
Ochiq qolgan derazadan shamol kirib kitob sahifalarini shildiratadi. “Kalvak mahzumning xotira daftari” – shamol shu sahifaga kelganda taqqa to‘xtaydi. Bu ham bir alomatmikan, deya o‘ylab qolaman. Alomatdan malomat chiqmasa bas, faqat shafoat bo‘lur, deya choyini ho‘plab qo‘yadigan jiydadek yumshoq buvimni eslayman. Tappi yopib, paxta terib qo‘llari qabargan buvimni…
Kalvak mahzum, qaydasiz endi? Kelib, bu davomchilaringizga o‘z pushaymonligingizni, jaholat ming ranglansa ham oxiri chinakam ma’rifat g‘olib chiqajagini, hech yo‘q o‘sha ma’rifat chetdan qo‘nim topib bo‘lsada yashab keta olajagini tushuntirmaysizmi? Xalqqa ham aytar so‘zingiz bordir? Ayting, o‘zgarishga, yigirma birinchi asrda yashayotganini his qilishga, huquqini faqat bilish emas, balki talab qilishga ham aqli etadigan bo‘lsin. Axir, o‘zida insof bo‘lmasa, bu xalqni Horun ar-Rashid kelib ham odam qilolmaydi-ku. O‘zida, amalida halollik bo‘lsin. Nomini sher atab kalamush uyasida kun kechirgan yillariga achinmaydimi bu xalq? Kalvak mahzum, achinmaydimi? Porani olgan qo‘llari bilan ertaga poraxo‘rlikka qarshi nimarsa yozishga, pora bergan qo‘llarini qulog‘ining yumshog‘iga bosib namoz o‘qishga, yoshlarga boqqan ta’nali ko‘zlari bilan nabirasiga boqishga uyalmaydimi? O‘z tajribangizni, yerga ishqalgan burningizni bularga ko‘rsating. Ko‘rsatishga bizning vijdon chidamaydi. Chunki o‘zimizni farishtadan olib farishtaga ming solmaylik, har kimning og‘zi qon, gunoh savati maydon.
Qaydasiz, Kalvak mahzum? Haqiqat, haqgo‘ylik farog‘atning kalitimi? Bizga shuni aytmay ketdingiz-ku?
Afsus, Qodiriy bobo ham, Kalvak tog‘a ham o‘z go‘rlarida tinchgina yotibdilar. Endi bizning savolga siz javob bering, hazrati gazetxon: Xalqni jaholatdan qutqarmoq uchun nima qilmoq kerak?
Mirzohid Muzaffar
Manba: “Toshkent haqiqati” gazetasi