Xurshid Abdurashid: “Gapirsak gap ko‘p, ammo yoqishga ko‘mir yo‘q.”

0
1783

Yosh ijodkor bilan gurung

Xurshid Abdurashid 1995-yil 27-iyulda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Pandiron qishlog‘ida tavallud topgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Oliy adabiyot kursi magistranti. Shu bilan birga «O‘zbekkino» Milliy agentligida ishlaydi. She’r va hikoyalari markaziy nashrlarda chop etilgan.        

— Kuni kecha bo‘lib o‘tgan “Duel” loyihasida siz va Jontemir o‘rtasidagi shiddatli ijodiy jangga rosa qiziqdim, ammo raqibingiz ishtirok etmadi, bunga nima sabab bo‘ldi, umuman Jontemir bilan munosabatlaringiz qanday?

— “Duel” loyihasi haqida juda ko‘p odam savol berdi, xuddi shu savolni. Men “duel”ga “chaqirilgan” odamman. Chaqiruvga ko‘ra borganimni va men uchun borganlar hurmati bir-ikki she’r o‘qib berganimni bilaman, xolos. Birinchi “Duel”dayoq menga Jontemir duelga chaqirganini aytishdi, men qabul qildim. Jontemirga kelsak, u mening do‘stim. Men o‘sha yerda ham aytdim, takror aytaman, biz do‘st bo‘lsak ham “duel”imiz hamisha davom etib kelgan. Bu yaxshi ma’nodagi bir “duel”. Va men bu “duel”ning umrimiz oxirigacha davom etishini xohlardim. Bor gap shu.

— Adashmasam, Oliy adabiyot kursida tahsil olyapsiz, u yerdagi ta’limning sizga qanday nafi bo‘lyapti ijod taraflama, umuman ijodkor do‘stlaringizga Oliy adabiyotda tahsil olishni tavsiya qilasizmi?

— Oliy adabiyot kursiga kirish men uchun tasodifiy bir qaror. Menga ijod taraflama qanday ta’sir qildi, buni bilmayman. Har holda Bahodir Karim va Uzoq Jo‘raqulovdek ustozlarimning darslarini yana tingladim. Mahmud Sa’diy, Shomirza Turdimov, Nazar Eshonqul kabi adabiyot fidoyilarining ma’ruzalarini tinglash baxti menga nasib etdi. Avval tanib yurganim, ijodkor do‘stlarimiz bilan kursdosh bo‘ldik, bu ham yaxshi tomoni. Lekin shuni aytishim kerak, Oliy adabiyot kursi ideal kurs emas. Yaxshi ma’ruzalar, yaxshi ustozlar… Ammo biz Oliy adabiyot kursini bundan ham boshqacharoq tasavvur qilganmiz boshida. Tasavvurlarimiz esa qisman aldadi. Ijodkor tengdoshlarimga esa imkon bo‘lsa shu kursda o‘qishni tavsiya qilaman. Har holda yaxshi ijodiy muhit yaratish mumkin. Biz ko‘proq ijodiy mashg‘ulotlar bo‘lishini kutgandik, Uzoq Jo‘raqulov bilan Bahodir Karim ustozlarimiz shu imkoniyatni yaratib berishdi. Taassufki, bu bizga ozlik qildi. Albatta, biz ham qanotli farishta emasmiz, o‘zimiz. Maslahatim, ijodkor do‘stlarimiz topshirishsin. Agar ular bizning dangasaligimizni takrorlashmasa, Oliy adabiyot kursidagi tahsil faqat va faqat foyda beradi. Va yana aytmoqchi bo‘lganim, darsga doim ham boravermaydigan yomon kasalligim bor. Shuni Oliy adabiyot kursida davolamoqchi edim. Hozircha nasib etmadi.

— Shoir sifatida sizni qanday adabiy muammolar tashvishga soladi, o‘ylantiradi, shuningdek, nimalar ilhom bag‘ishlaydi?

— Meni nimalar tashvishga soladi? She’riyatda yolg‘on ko‘pligi, asl mohiyatdan yiroqlashuv, shoir-yozuvchilarning ijtimoiy pozitsiyasi sezilmayotgani, she’riyatku yomon emas, nasrning oqsayotgani, kam o‘qiyotganimiz… Ijodkorlarning jamiyatda ijtimoiy roli tushib ketgan bir davrda yashayapmiz. Lekin qaysi ijodkorga qaramang, bloggerlarning shon-shuhrat uchun baqir-chaqir qilayotganidan yozg‘iradi. “Sening aytar gaping ichingda mog‘orlayotgan payt gapirayotgan odamni nega so‘kasan?”, degim keladi. “Ularni xalq o‘qiyapti, ulardan umid kutyapti, ular xalqning muammosini olib chiqyapti, sen nima qilyapsan?”, degim keladi. Bu adabiy muammo emasku, deysiz, ehtimol. Adabiyot boshqa, hayot boshqa emas. Hammasi bitta jarayon. Odam ishda ham, ijodda ham bitta missiyani bajaradi. Agar u o‘z missiyasini anglab yetgan bo‘lsa. Ijodkorning bugungi missiyasi nima ekanini tushunib yetganimiz yo‘q. Ijodkor xalqning ovozi bo‘lishi kerak. Navoiy bobo bejizga “ulus g‘amini yemagan”. Shoir butun umr o‘z tuyg‘ulariga aldanib, shu tuyg‘ulari bilan o‘quvchini ham aldab yashamasligi lozim. Biz o‘zimizda fikrni shakllantirishimiz, tafakkurimizni o‘stirishimiz zarur. Bugun tuyg‘ularga emas, fikrga urg‘u beradigan bir adabiyot kerak bizga. Odamlar fikrlashga urinyapti, biz esa ularga adabiy mahsulot yetkazib berolmayapmiz. Kam o‘qiyapmiz, kam fikrlayapmiz. Ijtimoiy hayot asarda badiiy sintez qilinishi va uning badiiy-ijtimoiy yuki bo‘lishi kerak. Bugun yolg‘on ko‘p, jamiyat yolg‘onni yoqtirsa, yashash tarzimiz yolg‘on bilan to‘la bo‘lsa, yolg‘onchilar ulug‘lansa, tabiiyki, yozayotganlarimizga ham yolg‘on nuqsi urib qoladi va uryapti ham. Yolg‘onlar tagidan asl haqiqatni topish, uni badiiy talqin qila olish, odamlarni fikrlashga majbur qilish, millatning butunligini saqlashda kurashchi bo‘lish bizning bugungi missiyamizdir. Ko‘ngilning ichida qolaverish, o‘zingni quduq bilib uni tinimsiz kavlash bilan cheklanish xudbinlik, xolos. Rauf Parfi aytmoqchi, “Shoirning onasi Iztirob, axir”. Shunday ekan, iztirob faqat shoirning ichida emasku. Ko‘zni kattaroq ochib atrofga qarash kerak. Ko‘z o‘ngimizdagi voqelikni idrok qila bilsak, atrofimiz mungli she’rlarga to‘la. Gapirsak gap ko‘p, ammo yoqishga ko‘mir yo‘q. Aytgancha, menga nima ilhom beradi? Buni o‘zim ham bilmayman. Shuurimda nimadir yarq etadi, yozaman. Shu.

— Tengdoshlardan kimlarni o‘qib borasiz?

— Hamma tengdosh ijodkorlarni imkon qadar hamisha kuzatib, o‘qib boraman. Juda yaxshi ijodkorlar chiqib kelyapti. Lekin bugun yolg‘on metaforalar topish, she’rni chiroyli qiyoslaru mavhum o‘xshatishlardan iborat deb tushunish bo‘rtib ko‘rinyapti. “She’r hikmatdir”, degan hadis bor. Hikmat bu fikr. Shoir hikmat aytishi kerak, hikmat esa she’riy san’atlar bilan sayqallanadi. Bugun metaforalarga ishqibozlik, she’rni ikkilamchi vositalariga ko‘proq e’tibor berish, she’rning yuqumliligini kamaytiryapti. Kayfiyat, ruhiyat o‘xshashligi, takrorlar, she’rga yopishmagan so‘zlarni qo‘llash, “havoyi gaplar”, bir shoirning she’ridagi kayfiyatdan tortib tashbehlaru qo‘llanilgan eski so‘zlargacha keyingi shoirning she’rida ham uchrashi dilni xira qiladi. Hozirgi yosh shoirlar avlodi – tengqurlarim (ichida o‘zim ham bor) “mavzular taqchilligi” bilan og‘rigan. Keyin yana bir gap, tengdosh ijodkorlarning she’riyatdagina emas, jamiyatda ham o‘z OVOZi bo‘lishini istardim.

— Ustozingiz Usmon Azim bo‘lsa kerak, yonma-yon ko‘p uchratganman. O‘zingizga ma’nan ustoz deb bilgan marhum va zamondoshlar ijod ahli borasida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Ustozlarim ko‘p. Aytishadiku, kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam, o‘sha odam menga ustoz. Usmon Azimning menga nisbatan boshqacha bir mehri bo‘lsa kerak, nima bo‘lganda ham ustozni qattiq hurmat qilaman. Bundan tashqari salaflarim Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Muhammad Solih, Matnazar Abdulhakim, Shavkat Rahmon, Erkin Vohidov, Xurshid Davron she’riyati menga juda ardoqli, ularning she’riyatidan doim o‘qib-o‘rganaman va ularni o‘zimga ma’nan ustoz deb bilaman. Qolaversa, Murod Chovush – chin ustozim.

— Rostini ayting, biror nashrga ixtiyoriy obuna bo‘lganmisiz ayni damda? Umuman, qaysi bosma nashrlarni o‘qib borasiz?

— Bu savolingizga javob berishga uyatliman. Taassufki, birorta nashrga obuna bo‘lmaganman. Lekin bu yil “Yoshlik” jurnaliga obuna bo‘lish niyatidaman. Bosma nashrlardan “Yoshlik” jurnali, “Kitob dunyosi”, “Ma’rifat” gazetalarini o‘qib boraman. “Tafakkur” jurnalini o‘qimaymanu, tafakkur qilish haqida va’z so‘zlab o‘tiribman. Uyaldim.

— Otangiz, aka-ukalaringiz ham ijodga begona emas, ular haqdayam ma’lumot berib o‘tsangiz. Iste’dod gen orqali o‘tadi deb hisoblaysizmi yoki bu uzluksiz mehnatlar mahsulimi?

— Iste’dod Xudodan yuqtiriladi. Lekin mehnatsiz, harakatsiz iste’dod puch bo‘ladi. Iste’dodim bor deb o‘tiraversangiz, xuddi ishlamay, mehnat qilmay bor pulingizni yeb bitirganingiz kabi iste’dodni ham tamom qilasiz. Lekin Xudo yuqtirmasa tinimsiz mehnat bilangina iste’dodli bo‘lib qolmaysiz. Hammasi bo‘lishi kerak, menimcha. Gendan o‘tishi masalasiga kelsak, oilamda, urug‘imda ijodkor bo‘lmagan. Dadam ham, onam ham ijodkor emaslar, lekin ijodga moyilligi bor insonlar deb o‘ylayman. Har holda ijodkorlik ulardagi yashirin xislat bo‘lsa kerak, biz farzandlarga oz-moz nimadir yuqqan. Hozirda san’atkor ukam Rustam viloyatimizda ancha-muncha tanilib qoldi, u Xorazm maqomchiligi yo‘nalishida ijod qiladi. O‘rtancha ukam Abbos, bir yildan beri Feysbukda faol. Asli iqtisod-moliya yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiydi. Lekin jurnalistlikka qiziqib qolgan, ijtimoiy-tanqidiy maqolalar yozyapti. Eng kichkina ukam hali maktabda o‘qiydi. U hali aniq bir sohani tanlamagan. Ijodkorligi bormi-yo‘qmi, hali namoyon bo‘lmadi.

— Xurshid, Jontemirga bergan savolimni sizgayam bersam. Muhabbat siz uchun nima?

— Muhabbat – bu hayot. Toki mening muhabbatim bor ekan, demak, yashayotganimni his qilib turaman. Muhabbat biz qadrli deb bilgan tushunchalarga bizni bog‘lab turuvchi tuyg‘u. U turli rakursda namoyon bo‘laveradi. Muhabbat iztirob emas, agar u iztirob bo‘lganda edi, dunyodan komfort izlaydigan odamzot bu tuyg‘uni o‘ziga yaqinlashtirmas edi. Aksincha, u – baxt. Vatanga muhabbatingiz bo‘lmasa, sizni bu tuproqda tutib turuvchi hech narsa yo‘q, demak. Ota-onaga muhabbatingiz bo‘lmasa, ular ham siz uchun boshqa odamlar kabi odam. Insonni muhabbat tark etgan kuni yashashdan ma’no qolmaydi. Agar men uni o‘zim tasavvur qilganim kabi sizga tasvirlab bera olganimda edi, boshqa she’r yozmas edim.

— O‘rinli fikrlar va kuyanchak javoblar uchun rahmat.

— Rahmat sizga ham. Yaxshi loyiha boshlagansiz. Ochig‘ini aytib qo‘ya qolay, savollaringizdan unchalik qoniqmadim.

— E’tirozingizni inobatga olamiz. Ijodingizga baraka.

Nodirabegim Ibrohimova suhbatlashdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting