Yosh ijodkor bilan gurung
Bahodir Bahrom 1990 yil 11 iyulda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. 2006-2010 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida o‘qigan. 2008 yilgi Zomin seminarining ishtirokchisi. “Eng suluv armon”, “O‘ttizinchi fevral” nomli to‘plamlari chop etilgan.
— Biror yaxshi hikoya yoki she’r o‘qib qolsam va u menga yoqsa, muallifi buni qarangki, ko‘pincha Qashqadaryolik bo‘lib chiqadi. Siz vohaliklarning ijodga iqtidori siri nimadaykin, genetikadir balki, o‘zingiz nima deb o‘ylaysiz?
— Bilmadim, hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Darhaqiqat, qashqadaryoliklar orasida ijodkorlar ko‘p. Bilasizmi, shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tsam, negadir menga ijodkorni u tug‘ilib o‘sgan diyor bilan bog‘lashsa, erish tuyuladi. Axir, purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan diyorda yashovchilarning hammasi ham shoir emas-ku, bepoyon sahrolar uzra bolaligi qum kechib o‘tgan insonlarning hammasi ham adib bo‘lib ketavermaydi. Ijodkorlik xalqning ruhi, kayfiyati bilan chambarchas bog‘liq. Qashqadaryoliklardan ko‘p va xo‘p ajoyib ijodkorlar chiqayotgan bo‘lsa, demak elining ko‘nglida aytilajak gaplar mo‘l. Tasavvur qiling, butun vujudingiz, ruhingiz qandaydir alamdan zirqirayapti. Biroq siz uni faqatgina tilingiz orqaligina bilintira olasiz. Yo bo‘lmasa ko‘z yoshi bilan. Ijodkor ham elining ana shu tili, uning ko‘z yoshi, o‘rni kelsa, mushti deb o‘ylayman. Ha, endi quvonsa kulgisi! Shuning uchun ham minglab odamlar orasidan bitta shoir yoki bitta nosir chiqishi aslida el uchun katta baxt. Men nafaqat qashqadaryoliklarni, balki butun xalqimizni ana shu baxt bilan qutlayman! Ilohim, ayni shu baxti kemtik bo‘lmasin. Aro yo‘llarda sarsonu sargardon bo‘lib, ko‘nglining bir chetida xazon yonmasin.
— “O‘ttizinchi fevral” nomli kitobingiz javonimdan o‘rin olgan. Original nomlar baribir o‘quvchini tortadi-da. “She’r sehri” dasturidagi videochiqishlaringizni ham oilaviy tez-tez tinglab turamiz. Kitob chop etish, TVga chiqishlar, matbuotda doimiy ko‘rinish berish — ijodkorga o‘ta zarur deb hisoblaysizmi yoki zo‘r asar qaydan bo‘lsayam o‘quvchilarini topadimi?
— Keling, shu o‘rinda qashqadaryolik bir shoirni xotirlasam. Muxtor Komil. Uning bir kitob bo‘larli she’rlari qo‘shiq bo‘lib insonlar qalbidan joy olgan. Birok ko‘pchilik bu nomni bilmaydi. Men unday ijodga xos e’tiqod bilan qaraydigan shoirlarni kam ko‘rdim. Joyi jannatdan bo‘lsin, umri davomida shoirligidan orlanmay va bu mashaqqatli yo‘lda zorlanmay o‘tdi. Birorta kitobi chop etilmadi, biror she’ri gazeta yuzini ko‘rmadi. Faqatgina 2010 yilda “Qashqadaryo bayozi” nomli to‘plamda uchtagina she’ri chop etildi. Bor yo‘g‘i shu. Unga tegishli shunday satrlar bor.
“…Yig‘ladim hayotning mushkul bu payti,
Taqdir rasvolikni ko‘rganida ep.
Ko‘rlar ko‘rmaydi deb axir kim aytdi,
Kim aytdi erkaklar yig‘lamaydi deb…”.
Xuddi shunday ijodkorlardan biri xorazmlik Jumanazar Yusupov. Oltmishdan oshgan shoirning bor yo‘g‘i ikki-uch yillar avval birinchi kitobi chop etildi. Ular zo‘r shoir, ular beta’ma shoir. Lekin taniqlig‘i yo‘q. Shularni o‘ylarkanman, ijodkor yozgan asarini o‘quvchiga yetkazish haqida ham jiddiy bosh qotirish kerakmikan, deyman. Lekin bu borada o‘zim ham sal hafsalasizroqman. Matbuotda kam chiqaman. Yilda bir-ikki she’rlarim chop etiladi. Hozir ijtimoiy tarmoqlar rivojlanib, Xorazmda, Navoiyda, Surxondaryoda u yoki bu mahalliy gazetalarda she’rim chop etilganini eshitib qolaman. Bilasizmi, shunday paytda yosh boladay quvonaman. She’rlarini u gazetayu, bu gazetaga ko‘tarib borib, omadi chopmagan ijodkorlar ham yo‘q emas. Baribir targ‘ibot borasida televideniyening o‘rni bo‘lak. Hay, mayli, ko‘p gap hozir odamga ham yuk bo‘lib qolgan. Keling, yaxshisi “Kitob chop etish, TVga chiqishlar, matbuotda doimiy ko‘rinish berish — ijodkorga o‘ta zarur deb hisoblaysizmi”, degan savolingizga javob berib qo‘ya qolay. O‘ta zarur emas. Ijodkor uchun eng katta zaruriyat har qanday holatda ham ijod qilishdir. Endi, “O‘ttizinchi fevral” haqida. Kitobning ichida xuddi shu nomdagi she’r bor. Muhabbat haqida, ayriliq haqida. She’r qahramoni agar o‘ttizinchi fevral ham taqvimdan joy olganida ehtimol, yoridan ayrilmasligi haqida o‘ylaydi. O‘ttizinchi fevral kelishini kutadi. She’rning yozilganiga o‘n bir yil bo‘ldi. Birdan tengdoshlarim orasida ovoza bo‘ldi. Endi maqtanyapti demangu, bir-ikki shoira bo‘lish orzusidagi qizlar ham o‘sha paytda shu nomda she’r yozgani bor gap. Ammo bugun bir narsani aytmasam bo‘lmaydi, menda ham o‘sha paytlari Abduvali Qutbiddin ijodidan ta’sirlanish holatlari bo‘lgan. Shoir “Hayrat osmonida bizni kutmoqda o‘ttizinchi fevral” deb yozadi. Demak, men hali ijod yo‘lida hech qanday yangilik qilolganim yo‘q.
— O‘zingizni kitob javoningizdan qanday asarlar muhim o‘rin egallagan, kimlarni sevib o‘qiysiz?
— Bilasizmi, men no‘noq o‘quvchiman. Tengdoshlarim maktab davridayoq o‘qib, yodlab olgan kitoblarni endi o‘qiyapman. Mutolaa jarayoni baribir qiziq. Lekin bitta kitobni ikki-uch marta o‘qiyman. Javonimda meni kutib turgan kitoblar ko‘p. Menga Remark yoqadi, Jek London asarlarini sevib o‘qiyman. Endi, she’riy kitoblarni ko‘p o‘qiganman. Uyimda ham ko‘p.
— Men bilgan ko‘p iste’dodlarning yoshlik yillari ijaralarda o‘tyapti. Balki shundandir ular yaxshi yozishyapti, deb o‘ylayman. Ijodga moddiy ahvolni ta’siri qay darajada, sizningcha?
— O‘sha ijarada turadigan ijodkorlarning biriman. Hozircha, shukr qog‘oz qoralab turibmiz. Yoshmiz, kelajakka umidimiz bo‘lak. Ehtimol, shuning uchun ham yozayotgandirmiz. Biroq sakson yoshida ham ijarada turib, shukr, men yozyapman, degan ijodkor dunyo miqyosida ham kam topiladi. Inson irodasi ham butun umr sinovlarga dosh berolmaydi. Ijodga moddiyatning ta’siri haqida esa bir nima deyishim qiyin. Chunki hali boyib ketganim yo‘q. Biroq boyib ketgan ba’zi shoir akalarimizning yozganlari negadir yurakka botmaydi. Ularni o‘qirkanman, turmush tashvishlari bilan o‘ralashib, she’r yozmay ketgan ijodkorlar ko‘zimga sharafliroq va ulug‘roq ko‘rinaveradi. Bilasizmi, adabiyot bog‘ emaski, har turli qush bilgan kuyini nag‘ma qilsa. Adabiyot bu maydon: Haqiqat va adolat, muhabbat kabi pokiza tushunchalar uning haybatini oshirib turishi kerak.
— Tengqur ijodkorlardan kimlarni kuzatyapsiz, adabiyotimiz ertalari kimlar bo‘lsa?
— Hammasini kuzataman. Toshkentda ijod qiladiganlarni qo‘ya turing, viloyatlarda ham yaxshi-yaxshi iste’dodli tengdoshlarim borligi xursand qiladi. Namanganda Muslim Musallam bor. Men u bilan 2008 yil yosh ijodkorlarning Zomin seminarida ishtirok etganman. Buxoroda Go‘zal Ro‘ziyeva, Saodat Fayziyeva bor. Navoiyda Umid Xudoyqulov, Samarqandda Alisher Aliqulov… Xullas, sanayversam sanog‘i tugamaydi. Biroq, adabiyotning ertasi kim bo‘lishi haqida kelganda negadir biroz sukut saqlab o‘ylashga majburman… Kim bor, Kim bor? Nosir akalarimiz bor. Nurilla Chori, Jasur Kengboyev, Boboravshan G‘oziddinov, Sanjar Tursunov… yana kim bor? Ha, Javlon Jovliyev bor. Men o‘zbek nasrini rivojlantirish shu do‘stimizning zimmasiga qismat qilib berilganmikan, deb ham o‘ylayman, ba’zan. Xuddiki, u qarshimdan chiqib, mana o‘ttizga kirmasdan roman yozdim, deydiganday tuyulaveradi. Ilohim shunday bo‘lsin. Shoir akalarimizku, endi bisyor. Lekin Shodmonqul Salomdan o‘tib, zo‘rman deydigani tengdoshlar orasida kam topilsa kerak. Ma’zur tutsinlaru, shoir akamizning o‘zi bugungi dovrug‘ini hashamatli saroylar tomon bursa, adabiyotning ertasi biz bo‘lamiz-da. Chug‘ur-chug‘ur qilib bir to‘da bo‘lib yuribmiz. Masalan, Najmiddin Ermatov, Suhrob Ziyo, Xurshid Abdurashid, Dadaxon Muhammadiyev, Dilmurod Do‘st, Husan Maqsud, Islomjon Qo‘chqorov, Alibek Anvariy, Bobur Elmurod, Jontemiru Rafiq Saydullo, sanayversam adog‘i yo‘q. Biri adabiyotga kirib, chiqib ketishgayam ulguradiki, bu safning oxiri hamon yo‘lda bo‘ladi.
— Adashmasam, hikoyalar ham yozasiz-a?
— Shu savolingizga yo‘q, deb javob bersam, to‘g‘riroq bo‘lar. Hikoyaga o‘xshash nimalardir qoralab turaman, ular da’vo qilishimga arzimaydi. Kinoqissalar mashq qilaman. Xullas, she’riyatdan boshqa janrlarda ham ijod qilishga urinish bor.
— Qizlaringiz ham ijodkor bo‘lishini istarmidingiz?
— Yaqin tarixga nazar solarkanman, ijodkor ayollar haqida gap ketsa, Saida Zunnunova va Halima Xudoyberdiyevani birinchilardan bo‘lib eslayman. Qizlarim har tomonlama ularga mos ijodkor bo‘lsa, buning nimasi yomon. Bir ota sifatida faxrlangan bo‘lardim. Ammo bu topshiriqmas. Ularning irodasini bunday o‘ta zalvorli yuk bilan sinamasligini xudodan so‘rab qolaman.
— Hozir nimalar bilan bandsiz, yangi ijodiy namunalaringiz bo‘lsa ulashing.
— Ijod uchun mutlaqo keraksiz ishlar bilan bandman. “Mahalla” telekanalida ishlayapman. Nolisam uyat bo‘lar. Ishim yaxshi. She’rlar yozib turibman. Ko‘proq, lirik shoir bo‘lib qolyapman. Bu meni cho‘chityapti. Barcha qoliplarimni parchalashni istayman. Goh-goh aruz vaznida ham urunishlar qilib ko‘ryapman. Shulardan birini ilinsam, vaznda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam, uzr.
***
O‘shal safsar, o‘shal gulru, o‘shal mohitobon senmu,
O‘shal sunbul, o‘shal sarvu qadu shamshodsimon senmu?
Ulug‘ tuyg‘u erur sevgi, chikora gar g‘ayur nechun,
Kimlara baxt hijronimiz, gulmi, bag‘ri qon senmu?
Tole osmonida Zuhro yulduzdek porlag‘an erding,
Ki ko‘zim cheksizlig‘inda yosh to‘la jahon, senmu?
Yuzing namozshomguldek ochilur erdi ko‘rsang,
Edimkim quyosh qudratli, so‘ndirg‘an mujgon senmu?
Surating ruhimga singmish, ruhim xudo in’omidur,
Vujudim tark etib, parvoz tusar parvozijon senmu?
Ki joning mandadur yor o‘limga bo‘ysunish nechun,
Va yo ajalmi sen, pari libosinda pinhon senmu?
Gar bahodirlik rutbasin echmag‘ayman o‘lsamam,
Ishqu, hajru, vasli lazzat, o‘lmag‘ay imon, senmu?
— Ilhom doim yor bo‘lsin!
— E’tibor uchun sizga tashakkur.
Nodirabegim Ibrohimova suhbatlashdi.